"SIFAT ONLINE" INTERNET-DO‘KONI VA OFLAYN TARMOQLARI ORQALI TOVARLARNI SOTISH BO‘YICHA OMMAVIY OFERTA
Versiya 1 — 13.03.2026
Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq Ommaviy Oferta hisoblanadi. Mijoz tomonidan saytda ro‘yxatdan o‘tish va yoki buyurtma rasmiylashtirish jarayonida "Ommaviy oferta shartlariga roziman" belgisini (galochka) qo‘yishi ushbu Shartnomani to‘liq va so‘zsiz qabul qilganligini anglatadi.
1. ATAMALAR VA TUSHUNCHALAR
1.1. Sotuvchi — "Sifat Online" brendi ostida faoliyat yurituvchi yuridik shaxs.
1.2. Xaridor — www.sifato.uz sayti, mobil ilovasi yoki Telegram boti orqali shaxsiy ehtiyojlari uchun Tovar xarid qilayotgan jismoniy shaxs.
1.3. Platforma — Sotuvchining barcha savdo kanallari (sifato.uz veb-sayti, iOS/Android ilovalari, Telegram Web App va oflayn do‘konlardagi POS-terminallar) yig‘indisi.
1.4. Asosiy hisob — Xaridorning pul mablag‘lari saqlanadigan va to‘lovlar uchun 100% ishlatilishi mumkin bo‘lgan hisob.
1.5. Bonus hisob (Keshbek) — Xaridorga xaridlar uchun beriladigan, faqat Platforma ichida chegirma sifatida ishlatiladigan virtual ballar hisobi.
2. RO‘YXATDAN O‘TISH VA XAVFSIZLIK 2.1. Xaridor Platformada o‘zining haqiqiy mobil telefon raqami va SMS kod orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
2.2. Bitta jismoniy shaxs faqat bitta shaxsiy kabinet ochishga haqli. Turli raqamlar orqali sun'iy ravishda bonus yig‘ish maqsadida ochilgan soxta akkauntlar Sotuvchi tomonidan ogohlantirishsiz bloklanadi va ulardagi bonuslar bekor qilinadi.
2.3. Platformaga uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz kirishning oqibatlari uchun (agar SMS kod kimgadir berilgan bo‘lsa) Sotuvchi javobgar bo‘lmaydi.
3. TO‘LOV VA BONUS TIZIMI SHARTLARI
3.1. Tovar narxlari O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi (so‘m)da ko‘rsatiladi va barcha soliqlarni o‘z ichiga oladi.
3.2. Bonuslarni qo‘llash: Xaridor Buyurtma summasining ko‘pi bilan 10% qismini Bonus hisobidan to‘lashi mumkin. Qolgan qismi Asosiy hisob (naqd, plastik karta) orqali to‘lanadi.
3.3. Bonuslarning kuyishi: Bonus hisobidagi ballar hisoblangan kundan boshlab 90 kun ichida ishlatilmasa, ular avtomatik ravishda kuyadi. Bonuslar hech qanday holatda naqd pulga yoki karta mablag‘iga almashtirilmaydi.
4. YETKAZIB BERISH VA QISMAN QABUL QILISH (DIQQAT)
4.1. Yetkazib berish narxi Xaridor tanlagan hudud (Viloyat -> Tuman -> MFY) iyerarxiyasiga qarab avtomatik hisoblanadi. Agar Xaridor manzilni noto‘g‘ri kiritsa, Kuryer joyida yetkazib berish narxini qayta hisoblash huquqiga ega.
4.2. Qisman yetkazish (Partial Delivery): Agar Xaridor kuryer olib kelgan bir nechta tovardan qisman voz kechsa (masalan, 3 tadan 1 tasini olib qolsa), kuryerlik xizmati to‘liq ko‘rsatilgan hisoblanadi va yetkazib berish xizmati haqi Xaridordan to‘liq undiriladi (qaytarilmaydi).
4.3. Tovarga nisbatan mulk huquqi va tasodifiy shikastlanish xavfi Xaridor kuryerdan (yoki oflayn do‘kondan) tovarni qabul qilib olgan vaqtdan boshlab Xaridorga o‘tadi.
4.4. Hududlarga BTS Pochta orqali yuborilgan tovarlarning yetkazib berilish muddati uchun uchinchi tomon logistika xizmati javobgar hisoblanadi.
4.5. Agar Xaridor yetkazib berilgan sifatli tovarni asossiz ravishda qabul qilishdan va kuryerlik xizmati uchun belgilangan to‘lovni amalga oshirishdan bosh tortsa, Sotuvchi ushbu Xaridorni "Qora ro‘yxat"ga kiritish huquqiga ega. "Qora ro‘yxat"dagi Xaridorning keyingi barcha buyurtmalari faqat 100% oldindan to‘lov amalga oshirilgandan so‘nggina qabul qilinadi va yetkazib beriladi.
5. TOVARNI QAYTARISH VA ALMASHTIRISH TARTIBI
5.1. Xaridor sifatli Tovarni qabul qilib olgan kundan boshlab 10 kun ichida qaytarishi yoki almashtirishi mumkin. Bunda tovarning ko‘rinishi, zavod qadog‘i, stikerlari, yorliqlari buzilmagan va kassa cheki saqlangan bo‘lishi qat'iy talab qilinadi. Sifatli tovarni qaytarish logistika xarajatlari Xaridor hisobidan qoplanadi.
5.2. Qaytarilmaydigan tovarlar: O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, quyidagi sifatli tovarlar qaytarib olinmaydi va almashtirilmaydi:
- Parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari;
- Zargarlik buyumlari (jumladan, sifatli bijuteriya);
- Shaxsiy gigiyena vositalari;
- Tikuv-trikotaj buyumlari (ichki kiyimlar, paypoqlar).
- Agar Xaridor yashirin nuqsonlarga (zavod braki) ega bo‘lgan tovar topsa, uni almashtirish yoki pulini qaytarish Sotuvchining ekspertizasidan so‘ng (kasanachilik, transportda shikastlanish yoxud Xaridor aybi emasligi tasdiqlangach) amalga oshiriladi.
- Xaridorning individual talablari asosida tayyorlangan, unikal xususiyatlarga ega bo‘lgan tovarlar (shu jumladan, Xaridorning xohishiga ko‘ra maxsus surat, dizayn yoki yozuv tushirilgan termopress mahsulotlari, krujkalar, kiyimlar va boshqa suvenirlar).
5.3. Aksiyali tovarlarni qaytarish:
Aksiya doirasida (masalan, "1+1" yoki "Sovg‘a bilan") xarid qilingan tovar qaytarilayotganda, Xaridor unga qo‘shib berilgan bepul sovg‘ani ham zavod qadog‘ida, ishlatilmagan va tovar ko‘rinishini yo‘qotmagan holatda qaytarishi shart. Aks holda, asosiy tovar Sotuvchi tomonidan qaytarib olinmaydi yoki ushbu bepul sovg‘aning to‘liq narxi qaytarilayotgan pul summasidan ushlab qolinadi.
5.4. Kafolatli xizmat ko‘rsatish:
Maishiy texnika va elektronika tovarlari (changyutgich, blender, dazmol va hokazo) bo‘yicha kafolatli xizmat ko‘rsatish (ta'mirlash, ehtiyot qismlarini almashtirish) bevosita Sotuvchi tomonidan emas, balki faqatgina ushbu tovarlarni ishlab chiqaruvchining rasmiy yoki vakolatli servis markazlari tomonidan ularning o‘z qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. PULNI QAYTARISH TARTIBI
6.1. Buyurtma bekor qilinganda yoki tovar qaytarilganda, pul mablag‘lari faqatgina u to‘langan manbaga qaytariladi:
- Asosiy bank kartasidan yechilgan summa — o‘sha bank kartasiga;
- Bonus hisobidan yechilgan qism — faqat Bonus hisobiga;
- Kuryerga yoki kassaga naqd to‘langan pul — do‘kon kassa bo‘limi orqali naqd shaklda.
7. TEXNIK UZILISHLAR VA FORS-MAJOR
7.1. Sotuvchi Platformaning uzluksiz ishlashini ta'minlashga harakat qiladi, biroq internet provayderlaridagi uzilishlar, server nosozliklari yoki profilaktika ishlari tufayli yuzaga kelgan nosozliklar uchun javobgar emas.
7.2. Dasturiy xatolik (bug) yoki internet sinxronizatsiyasi sababli tovar narxi saytda noto‘g‘ri (masalan, 100 000 so‘mlik tovar 10 so‘m bo‘lib) ko‘rinib qolgan va Xaridor uni sotib olgan holatda, Sotuvchi bunday buyurtmani bir tomonlama bekor qilish va pulni Xaridorga qaytarish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
8. NIZOLARNI HAL ETISH
8.1. Ushbu Oferta doirasida yuzaga keladigan barcha nizolar majburiy ravishda dastlabki sudgacha e'tiroz bildirish tartibida ko‘rib chiqiladi. E'tiroz yozma yoki elektron shaklda Sotuvchiga yuboriladi va ko‘rib chiqish muddati 15 (o‘n besh) ish kunini tashkil qiladi.
8.2. Agar nizo muzokaralar yo‘li bilan hal etilmasa, u Sotuvchi joylashgan hududdagi sud organlarida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida ko‘rib chiqiladi.
9. SHAXSIY MA'LUMOTLAR VA MAXFIYLIK
9.1. Xaridor Platformada ro‘yxatdan o‘tish va buyurtma berish orqali o‘zining shaxsiy ma'lumotlarini (ism-familiyasi, telefon raqami, yetkazib berish manzili) Sotuvchi tomonidan qayta ishlanishiga, shuningdek, buyurtmani yetkazib berish maqsadida uchinchi shaxslarga (jumladan, kuryerlik xizmatlari va "BTS Pochta" kabi logistika hamkorlariga) taqdim etilishiga so‘zsiz rozilik beradi.
9.2. Xaridor Sotuvchiga o‘zining telefon raqami va ilovasiga tranzaksion, axborot hamda reklama (Push-xabarnoma, SMS, Telegram-xabar) ko‘rinishidagi materiallarni yuborishiga rozilik bildiradi. Xaridor xohlagan vaqtida reklama xabarlarini olishdan voz kechish huquqiga ega.
10. INTELLEKTUAL MULK HUQUQLARI
10.1. sifato.uz sayti, mobil ilovasi va ijtimoiy tarmoqlaridagi barcha materiallar (jumladan, tovarlarning original fotosuratlari, videoroliklar, matnli ta'riflar, dizayn va logotiplar) Sotuvchining intellektual mulki hisoblanadi.
10.2. Ushbu materiallardan Sotuvchining yozma ruxsatisiz boshqa tijorat maqsadlarida (boshqa saytlarda, ijtimoiy tarmoq kanallarida) nusxa ko‘chirish va foydalanish qat'iyan man etiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.